#deputat_soʻrovi_javobi #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati
❗️DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “AHIL” MAHALLASIDAGI QURILISH MASALASI BO‘YICHA RASMIY JAVOB OLINDI
🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Saidmurod Ibragimovning Olmazor tumani “Ahil” mahallasi, Uzum bog‘ 9-tor ko‘chasi 71-uy manzilida olib borilayotgan qurilish ishlari yuzasidan yo‘llagan deputatlik so‘roviga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan rasmiy javob taqdim etildi.
📩 Avvalroq deputatlik so‘rovida mazkur hududda olib borilayotgan qurilish ishlarining qonuniyligini o‘rganish, obyekt bo‘yicha zarur ruxsat beruvchi va loyiha hujjatlari mavjudligini aniqlash, qurilishning shaharsozlik normalari hamda qo‘shni yer uchastkalari mulkdorlarining qonuniy manfaatlariga muvofiqligiga huquqiy baho berish masalalari ko‘tarilgan edi.
📋 Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh. Madjitov tomonidan 2026-yil 2-sentabrda taqdim etilgan rasmiy javobda masala bo‘yicha vakolatli organlar va ko‘rilgan choralar yuzasidan ma’lumot berildi.
🔎 Rasmiy javobda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi “Davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 192-son qarori talablariga muvofiq, aholi punktlarida shaharsozlik hujjatlari, normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish tartibi belgilanganligi qayd etilgan.
🏗 Xususan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki qurilayotgan bino va inshootlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko‘rish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tegishli hududiy bo‘linmalariga yuklatilgani ma’lum qilingan.
🔺 Shuningdek, mazkur qaror reglamentiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash hamda bartaraf etish ishlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi bildirilgan.
📨 Eng muhimi, deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan Uzum bog‘ 9-tor ko‘chasi 71-uydagi qurilma yuzasidan tegishli choralar ko‘rish uchun Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasiga tegishli xatlar yuborilgani rasmiy javobda ma’lum qilindi.
⚖️ Shu tariqa, deputat Saidmurod Ibragimov tomonidan fuqarolarning jamoaviy murojaati asosida ko‘tarilgan masala tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va qonunchilik doirasida zarur choralarni belgilash uchun yo‘naltirilgan.
🤝 Mazkur qurilish bo‘yicha vakolatli tashkilotlar tomonidan ko‘riladigan choralar va masalaning yakuniy yechimi deputat Saidmurod Ibragimov tomonidan nazorat qilib boriladi.
📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash