Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi kotibiyati mudiri, 10-Mustaqillik saylov okrugi deputati G.Xudoyarova tomonidan Mustaqillik hamda Tinchlik mahallalaridagi ko‘p qavatli uylar atrofida maishiy chiqindilarni olib chiqish holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Tinchlik mahallasidagi 250, 251, 247, 248, 249, 255, 253, 256, 257-sonli ko‘p qavatli uylar foydalanadigan chiqindi to‘plash shoxobchasining sanitariya holati qoniqarsiz ekani aniqlandi. Chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmaganligi natijasida hududda chiqindilar to‘planib, atrof-muhit ifloslangan hamda sanitariya-gigiyena talablariga zid holatlar yuzaga kelgan.
Shuningdek, Mustaqillik mahallasida joylashgan chiqindi to‘plash konteynerining eskirganligi va foydalanishga yaroqsiz holga kelgani, uni yangisi bilan almashtirish zarurligi ham qayd etildi.
Bundan tashqari, mazkur holatlarning oldini olish maqsadida “Toza hudud” mutasaddilari hamda mahalla yettiligi bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida atrof-muhit tozaligiga rioya etish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputat so‘rovi yuborish belgilandi.
Mazkur masala deputat nazoratiga olindi.