Жаңалықлар

Davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 24–25-iyun kunlari Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirayotgan davlat tashrifi, shubhasiz, Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ushbu tashrifga teran tahliliy nazar bilan qarash muhim, chunki bu nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, balki ijtimoiy adolat, iqtisodiy tenglik va xalq manfaatlariga asoslangan siyosat yurituvchi partiyalar uchun ham muhim yo‘nalishlarni ochib bermoqda.


O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston – tarixiy ildizlari chuqur, qadriyatlari o‘xshash ikki davlat. Tashrif chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan siyosiy muloqotlar chuqurlashtirilishi, xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Bu esa, O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi va ko‘p vektorli yondashuvining amaliy isboti bo‘lib xizmat qiladi.

Bu kabi tashriflar – milliy manfaatlar asosida olib borilayotgan tashqi siyosatning xalqchilligi, ijtimoiy adolatparvarlik tamoyillariga tayangan holda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Mintaqaviy barqarorlik va diplomatik tenglik tamoyillari XDPning xalqaro siyosatdagi ustuvor yondashuvlariga to‘la mos keladi.


Mo‘g‘uliston – tabiiy resurslarga boy, ammo infratuzilmasi va ishlab chiqarish sanoati hali yetarlicha rivojlanmagan davlat. O‘zbekiston esa, sanoat, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida katta salohiyatga ega. Bu ikki jihat birlashgan holda
qo‘shma loyihalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbollarni ochadi.

Xalq demokratik partiyasi uchun bu alohida ahamiyatga ega: chunki XDP doimo iqtisodiy rivojlanishda
xalq ehtiyojlari, ijtimoiy tenglik va adolatli taqsimot g‘oyalarini ilgari suradi. Tashrif davomida erishiladigan kelishuvlar esa aynan shu qadriyatlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi qadamdir. O‘zbek korxonalari va tadbirkorlarining Mo‘g‘ulistonga kirib borishi – ish o‘rinlari, eksport imkoniyatlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar demakdir.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston xalqlari o‘rtasida qadimiy tarixiy, madaniy rishtalar mavjud. Amir Temur, Chingizxon, Buyuk Ipak yo‘li – bu o‘tmishdan tortib kelayotgan bog‘liqliklar. Ushbu tashrif doirasida
madaniyat, ta’lim, turizm sohalarida ham hamkorlik shartnomalari imzolanadi. Bu esa xalqlararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bizning partiya o‘z dasturida
madaniyat va ma’naviyatni ijtimoiy taraqqiyot omili sifatida ko‘radi. Turizm va madaniy almashinuvlar esa nafaqat iqtisodiy foyda, balki xalqning madaniy saviyasi va dunyoqarashini kengaytiruvchi vositadir.

Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga tashrifi – bu shunchaki siyosiy rasmiy tashrif emas, balki O‘zbekiston xalqining, ayniqsa, mehnatkashlar, tadbirkorlar va yoshlarning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi xalqparvar tashrifdir. XDP uchun bu tashrif
xalqaro darajadagi ijtimoiy adolat g‘oyasini targ‘ib qilish, ijtimoiy siyosatning xalqaro aloqalar bilan uyg‘unlashuvini ta’minlash yo‘lida katta imkoniyatdir.

Bu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad: O‘zbekistonni mintaqada ishonchli hamkor, mas’uliyatli siyosiy o‘yinchi sifatida mustahkamlashdir. Va bu yo‘lda Xalq demokratik partiyasi o‘zining ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosati bilan ushbu tashabbuslarning faol targ‘ibotchisi bo‘lib qoladi.

Avaz Karimov O’z XDP Mirobod tuman kengashi deputati.