35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Жаңалықлар

Соңғы жаңалықлар

Kutubxona faoliyati: Mutolaa madaniyati va axborot xizmatlari deputatlik nazoratida

Jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish hamda axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash mahalliy Kengashlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, deputat D.Normuradova, Kengash kotibiyati mudiri, deputat A.Ashurov, Kengashning Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, ekspert guruhi a’zosi S.Xodjayeva hamda kotibiyat mutaxassislari Termiz shahrida joylashgan Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat Axborot-kutubxona markazida bo‘lib, muassasa faoliyati yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini olib bordilar.

Mazkur tadbir mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “24 ta eng muhim yo‘nalish” doirasida tashkil etilib, uning 19-band — hududdagi madaniyat muassasalari, muzeylar va kutubxonalar holatini o‘rganish yo‘nalishiga qaratildi.
Kutubxona fondi va elektron resurslar:

2026-yil I yarim yilligi holatiga ko‘ra, Axborot-kutubxona markazining umumiy fondi 2 472 223 nusxa axborot-kutubxona resurslarini tashkil etadi.

Shundan 28 128 nomdagi elektron adabiyotlar shakllantirilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga zamonaviy axborot texnologiyalari orqali elektron shaklda xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Fond tarkibida 99 125 nusxa badiiy adabiyot mavjud. Mazkur adabiyotlar kitobxonlarning badiiy-estetik didini yuksaltirish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, yosh avlodni milliy va jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, fond tarkibida 14 717 nusxa lotin alifbosidagi adabiyotlar mavjudligi qayd etildi.

Kitobxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar:

Bugungi kunga qadar Axborot-kutubxona markazi xizmatlaridan foydalanuvchi kitobxonlar soni 33 661 nafarga yetgan.

Markazda kitobxonlarga qulay sharoit yaratish maqsadida isitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, muassasa tabiiy gazdan foydalanadi. O‘quv xonalarida konditsionerlar o‘rnatilgan, shuningdek, ventilyatsiya tizimi ham mavjud.

Davriy nashrlar bilan ta’minlanganlik

Nazorat-tahlil jarayonida kutubxonaga obuna bo‘lingan davriy nashrlar ham ko‘zdan kechirildi.

Jumladan:

▪️ “Yangi O‘zbekiston” gazetasi — 154-son;

▪️ “Jadid” gazetasi — 31-son;

▪️ “Tafakkur” jurnali — 2-son;

▪️ “Ma’naviy hayot” jurnali — 2-son;

▪️ “Jahon adabiyoti” jurnali — 5-son.

Bu kabi nashrlar kitobxonlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ma’naviy-ma’rifiy yangiliklar hamda adabiyot va madaniyat sohasidagi yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Xodimlar salohiyati:

Axborot-kutubxona markazida jami 47 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan 7 nafari oliy ma’lumotli, 40 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotga ega xodimlardan iborat.

Yoshlar bilan hamkorlik uchun imkoniyatlar:

Hududda 25 ta umumta’lim maktabi va 31 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjudligi inobatga olinadigan bo‘lsa, kutubxonaning yosh avlodni mutolaaga jalb etish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish borasidagi imkoniyatlari katta.

Nazorat-tahlil davomida markaz faoliyatining mavjud holati, fondlardan foydalanish samaradorligi, elektron adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlari, kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davriy nashrlar bilan ta’minlanganlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi — hududdagi ijtimoiy va madaniy muassasalar faoliyatini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Mutolaa — ma’naviyat, bilim va tafakkur manbai. Kitobxonlikni rivojlantirish esa kelajak avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Slide 1 of 6