Xalq deputatlari Angor tumani Kengashining 1-Guliston saylov okrugi deputati Bahromov Isoxon Nosirovich o‘z hududidagi “Guliston” mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Islom taraqqiyot banki hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasidagi ishlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, deputat mazkur loyiha asosida mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun quvurlar yotqizish va suv inshootlarini barpo etish jarayonlarini joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirdi. Isoxon Bahromov qurilish ishlarining sifati va belgilangan muddatlarda yakunlanishi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi ushbu strategik loyihalar doimiy nazoratda ekanligini ta’kidladi.