Mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli kuchaymoqda
Prezidentimiz
tashabbusi bilan kechayotgan yangilanish jarayonlarini bitta soʻz bilan
ifodalash joiz boʻlsa, mazmun-mohiyatida "xalqni rozi qilish, ogʻirini
yengil qilish" ezgu gʻoyasi mujassam.
Hayotbaxsh
islohotlar jarayonida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb
masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatlari kengaytirilib, xalq
hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, mahalliy kengashlarni
xalqning haqiqiy "ovoziga" aylantirish borasida ham keng qamrovli
oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Jumladan,
mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy
asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati
ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish
maqsadida ularga qoʻshimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya,
ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari
rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.
Yangi
tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mahalliy davlat
hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari,
mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi
hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada
ijrosini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.
Vakolat va masʼuliyat oshirildi
Agar
avval mahalliy Kengashlarning vakolatlari miqdori 20 taga ham yetmagan boʻlsa,
hozirda ular qariyb olti barobarga oshib, 120 dan ortganini koʻrishimiz mumkin.
Oldinlari
mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet boʻyicha vakolatlari
cheklangan edi. Hududda orttirilgan mablagʻning oʻzi boʻlmasdi. Keyingi yetti
yil ichida hududlarning mahalliy byudjetga oid vakolatlari tubdan oshirildi.
Belgilangan mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish summasi
mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldiriladigan tartib yaratildi.
Xalq
deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari mahalliy byudjetlardan
tumanlar va shaharlar byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi
byudjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqish hamda
tasdiqlash, tegishli byudjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet
mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan samarali
foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish
vakolatlariga ega boʻldi.
Bundan
yetti yil oldin deputatlar faqat hokimninggina yillik hisobotini eshitgan
boʻlsa, hozir mahalliy darajadagi 60 dan ortiq organlarning 120 ga yaqin
masalalardagi hisobot va axborotlari deputatlar tomonidan tinglanmoqda.
Avvallari
u yoki bu masala boʻyicha idoralarning hisobot (axborot)larini faqat bir yilda
bir eshitish belgilanardi. Hozir esa har oy, har chorak, har yarim yilda eshitish
kabi davriy hisobot eshitishga oid vakolatlar karrasiga oshdi.
2017-yilgacha
prokuror yoki ichki ishlar organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlarga
hisobot berishi tugul, hatto uning majlis ishida qatnashishini tasavvur qilib
boʻlmasdi. Bu masala muhimligidan, davlatimiz rahbari 2016-yil dekabrda
Prezidentlik lavozimiga saylangan kunidan 2 kun oʻtib, oʻz maʼruzalarida
"Hozirgi kunda Oliy Majlisimiz Senati tomonidan har yili Bosh
prokuraturaning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi,
masalan, uzoq Olot tumanida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar
boʻlimlarining hisobotini kim eshitadi?" deb alohida taʼkidlagan edi.
Mazkur
maʼruzadan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu rahbarlarning mahalliy Kengashga
hisobdorligi belgilab qoʻyildi. Ichki ishlar tizimining eng yuqori mansabdor
shaxsidan tortib, mahalladagi inspektorgacha xalq vakillari oldida hisobdorligi
taʼminlandi.
Yangilangan
Konstitutsiya qoidalarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, mahalliy davlat
hokimiyati organlari faoliyatidagi murakkabliklarni bartaraf etish,
qonunchilikning tizimliligini taʼminlash maqsadida 2024-yil 2-fevralda
Prezidentimizning «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining
samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur
farmon bilan jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda
mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va
vakolat mahalliy Kengashlarga oʻtkazildi. Jumladan:
—
taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari bilan kelishgan holda
tegishli hududda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, qayta
tashkil etish, tugatish;
—
atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba hisoblanadigan ishlab chiqarish va
isteʼmol chiqindilarini saqlash poligonlarining joyini davlat ekologik
ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilash;
—
shahar yoʻlovchilar transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish haqini
toʻlashning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi tariflarini belgilash;
—
hovli, uy atrofi hududlarini saqlash va turar joylardan foydalanish qoidalarini
tasdiqlash hamda boshqa funksiya va vakolatlar nazarda tutildi.
Shuningdek,
mahalliy Kengashlarning davlat organlari hisobot (axborot)larini eshitishga
doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda
tizimlashtirildi. Shu sababli, farmon bilan Kengashlarning qator vakolatlari
qayta koʻrib chiqilib, ular sohalar boʻyicha tizimlashtirildi.
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar
zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklatilishi,
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga
aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi, normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat
hokimiyati organlariga berilgan mahalliy Kengashlarning qonunda belgilangan
vakolatlariga xos boʻlmagan vazifalar ijrosi boʻyicha mahalliy davlat ijroiya
hokimiyati organlari masʼul hisoblanishi qatʼiy mustahkamlandi.
Farmon
bilan shuningdek, Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini
2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ham
belgilab qoʻyildi.
Aholi muammolari va mahalliy Kengashlar faoliyati
Mahalliy
Kengashlar ishi bir qarashda sezilmayotgandek tuyulishi mumkin, lekin
mamlakatimizning biror-bir hududi yoʻqki, u hatto chekka qishloqlardagi aholi
boʻlsin, mahalliy kengash taʼsiri boʻlmagan boʻlsa.
Gap
kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, turli ijtimoiy
daftarlarga kirgan yurtdoshlarimiz haqida bormoqda. Adolat, ochiqlik, xalq
ishtirokini taʼminlash maqsadida ijtimoiy roʻyxatlarga kiradigan har bir oila,
ayol, yosh boʻladimi, barcha-barchasi oʻsha hududdagi mahalliy Kengash
deputatlari tomonidan ochiq oʻrganilib, Kengashda muhokama qilinib, kimki
haqiqatda muhtoj boʻladigan boʻlsa, aynan shularga yordam koʻrsatiladigan tizim
yaratildi.
2019-yildan
boshlab byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman
(shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik
fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirishni nazarda tutadigan
mexanizm joriy etildi. Mamlakatimizda keng ommalashib borayotgan mazkur
"Ochiq byudjet" jarayonlarini ham mahalliy Kengash ishtirokisiz
tasavvur qilib boʻlmaydi. Zero, aynan mahalliy Kengashlar tuman va shahar
byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foiz qismini hamda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat
byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetida shakllangan qoʻshimcha
mablagʻlarning 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan
tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishga tasdiqlab bermoqda.
Xalq
deputatlari tuman (shahar) Kengashi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari,
shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat
Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish
hamda ijrosini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiya tarkibi tegishli
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritilmoqda.
"Mahalla yettiligi" va Kengash hamkorligi
Bugungi
kunga kelib, zamon talabi oʻzgardi, eskicha ishlashni hozirgi hayotning oʻzi
qabul qilmayapti. Odamlar orasiga, mahallaga kirib bormagan idora, masʼul
hayotdan ajralib qolyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu
maʼnoda, «mahalla yettiligi»ga koʻmaklashish, mahallalarda qabul qilinayotgan
qarorlarning haqqoniyligi va asosliligini taʼminlash maqsadida xalq deputatlari
mahalliy Kengashlari deputatlari va «mahalla yettiligi»ning oʻzaro hamkorligini
yoʻlga qoʻyish maqsadida joriy yilning 4-aprel kuni Oliy Majlis Senati Kengashi
tomonidan mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy
Kengashlari deputatlari va "Mahalla yettiligi"ning oʻzaro
hamkorligini yoʻlga qoʻyish sxemasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari
deputatlari va "Mahalla yettiligi"ning oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari
tasdiqlandi.
Bu
hamkorlikni bir soʻz bilan tushuntirganda, maʼnosi shundaki, aholi muammolarini
hal qilishning "mahalla — tuman mahalliy kengashi — viloyat mahalliy kengashi
— Senat" uzluksiz tizimi yaratildi.
Mahalliy
ijro hokimiyatining xalq vakillariga bogʻliqligi kuchaydi. Bundan yetti yil
avval mahalliy ijro hokimiyati organlari hududda biror ijtimoiy-iqtisodiy
tadbirni oʻtkazmoqchi boʻlsa, bundan har doim ham mahalliy Kengash xabardor
boʻlmagan. Bugungi kunda mahalliy ijroiya organlarining ishi xalq vakillarisiz
bitmaydi. Bu adolatli haqiqat boʻlib, biror-bir yirik tadbir oʻtkazilmoqchi
boʻlsa, xalq vakillari uni moliyalashtirish manbalari boʻyicha oʻz qarorlarini
qabul qilishi lozim boʻladi.
Sessiyalar tigʻizligi
2017-yilgacha
mahalliy Kengash sessiyasi bir yilda 4-martagina oʻtkazilgan. Hozirgi kunga
kelib, xalq vakillari ishtirokisiz hududda biror-bir muhim qaror qabul
qilinmaydi. Buning isbotini biz mahalliy Kengashlarning majlislari avvalgidek
bir yilda 4-marta emas, balki har oyda 1-2-martadan oʻtkazilishidan yaqqol
bilib olishimiz mumkin. Har oyda boʻladigan sessiya kun tartibida kamida oʻnta
masala boʻlishi fikrimizning yaqqol isbotidir.
Qarorlarning
ochiqligi: avvallari mahalliy Kengashning qarorini hech qayerda koʻrmas edik.
2021-yil 1-iyuldan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini qabul
qilish (chiqarish)ga ketadigan ortiqcha muddatlarni qisqartirish, ularni ishlab
chiqishda inson omili va aralashuvini kamaytirish, shuningdek, qarorlar bilan
aholini doimiy ravishda tanishtirib borish maqsadida Kengash qarorlari
"E-qaror" elektron tizimi orqali amalga oshiriladigan boʻldi.
"E-qaror"
elektron tizimini chetlab oʻtgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining
tegishli qarorlarini qabul qilish (chiqarish)ga yoʻl qoʻyilmasligi, bunday
hujjatlar yuridik kuchga ega emasligi hamda u qabul qilingan paytdan eʼtiboran
hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi belgilab qoʻyildi. Bu
tom maʼnoda, inqilobiy, tarixiy qaror boʻldi. Ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik,
aholi uchun qulaylik tamoyillariga toʻla mos kelib, mahalliy davlat hokimiyati
organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashda sezilarli ish
boʻldi.
Bundan
tashqari, vakillik organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash,
mahalliy Kengash deputatlari bilan fuqarolar oʻrtasida elektron muloqot
maydonini yaratish maqsadida 2022-yil 20-sentyabrda Oliy Majlis Senati
Kengashining «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga "Raqamli xalq
deputatlari Kengashi" kompleks axborot tizimini tatbiq etish
toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “kengash.gov.uz” platformasi
ishlab chiqilib, barcha mahalliy vakillik organlari faoliyatiga joriy etildi.
Bugungi kunda mahalliy Kengashlarga oid barcha axborotni ushbu platformadan
olish imkoniyati yaratilgan.
Kengashlardagi shart-sharoit
2020-yilgacha
mahalliy Kengashlarning na bir xonasi, na biror-bir doimiy ishlaydigan kadri
boʻlmagan. Joylarda mahalliy ijro hokimiyati tashkiliy- kadrlar boʻlimining
bitta mutaxassisi sessiya boʻlayotgan vaqtlarda koʻmaklashib turgan xolos.
2020-yil 14-sentyabrda qabul qilingan qonun bilan mahalliy Kengashlarda doimiy
asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi. Hozirga kelib
respublikamizdagi 221 ta mahalliy Kengashda 700 ga yaqin xodim faoliyat
yuritmoqda.
Prezidentimizning
joriy yil 2-fevraldagi "Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining
samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni bilan
mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnik jihatdan jihozlashga
doir minimal talablarni ishlab chiqish, 2024-yil 1-oktyabrga qadar xalq
deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, 2025-yil 1-dekabrga
qadar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun belgilangan minimal
talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan taʼminlash va
jihozlash boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun
Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qoʻyildi.
Mahalliy
Kengashlarga koʻmaklashish maqsadida Oliy Majlis Senati devonida Hududiy
vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi tashkil etildi. Ushbu
markazning vazifalari sifatida mahalliy Kengashlar faoliyatini zamonaviy
talablarga muvofiq tashkil etishga huquqiy, uslubiy yordam berish, mahalliy
Kengashlar faoliyatidagi muammolarni oʻrganish va ilmiy-uslubiy tavsiyalar
ishlab chiqish, mahalliy Kengashlar deputatlarining malaka oshirishini
taʼminlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari boʻyicha xabardor qilib borish
va ular uchun muntazam ravishda oʻquvlar tashkil etish, mahalliy Kengashlar
faoliyatini raqamlashtirishga koʻmaklashish kabilar belgilandi.
Xulosa
qilib aytganda, mahalliy Kengashlar bundan yetti yil avvalgilaridan mutlaqo
farq qiladi. Bugungi mahalliy Kengash deputatlari oʻz okrugidagi muammolarni
aniq biladi hamda uni hal qilish uchun «Mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda
zarur choralarni koʻrmoqda.
Albatta,
yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqni rozi qilish, ogʻirini yengil qilishda
mahalliy Kengash deputatlari oldida ulkan vazifalar, oʻz yechimini kutib turgan
masalalar turibdi. Buning uchun shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi zamonda
kuzatuvchi emas, balki fidoyi, vatanparvar, bilimli, masʼuliyatli xalq
vakillari safi yanada kengayishi talab etiladi, agar har bir deputat oʻz
hududidagi kamida bitta muammoni hal qilsa, mamlakat boʻylab kamida olti mingga
yaqin muammo hal boʻladi.