Unda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyat mudiri A.Ermatov, ekspert-maslahat guruhi a’zolari Z.Yakubova, S.Toshpo‘latov, M.Madaminov, doimiy komissiya a’zolari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, dastlab Marg‘ilon shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limining 2026-yil I yarim yillik faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Hisobotda atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini kuchaytirish, qurilish obyektlarida chang tarqalishining oldini olish, gaz tozalash uskunalaridan samarali foydalanish hamda chiqindilar bilan ishlash sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ekologik qonunchilik talablarini buzgan shaxslarga nisbatan 197 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, 76 million 220 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar uchun esa 132 million so‘m ekologik zarar hisoblanib, huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan va ularning ijrosi nazoratga olingan.
Shuningdek, "Yashil makon" umumilliy loyihasi doirasida 2026-yil bahor mavsumida Marg‘ilon shahrida 96 ming 500 tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilgani, ularni parvarishlash, sug‘orish va saqlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Hisobot davomida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish maqsadida ta’lim muassasalari, mahallalar hamda korxona va tashkilotlarda targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari va tushuntirish ishlari olib borilayotgani, shu bilan birga ayrim qurilish obyektlarida chang tarqalishi, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari hamda ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda ekologik talablarning to‘liq bajarilmayotgani dolzarb muammolar sifatida qayd etildi.
Muhokamalar davomida deputatlar hisobot yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Xususan, Kengash kotibiyat mudiri A. Ermatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi "Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-46-son Farmoni ijrosiga to‘xtaldi. U mazkur Farmonga muvofiq 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida "Avtomobilsiz kun" aksiyalarini o‘tkazish belgilangan bo‘lsa-da, ushbu tashabbusning Marg‘ilon shahridagi ijrosi yetarli darajada ko‘zga tashlanmayotganini ta’kidlab, mas’ul tashkilotlar tomonidan bu boradagi ishlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilishning ikkinchi masalasida avval yuborilgan deputat so‘roviga taqdim etilgan javob muhokama qilinib, unda keltirilgan ma’lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Mas’ul tashkilot vakillariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, qabul qilingan qarorlar va qonunchilik hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, bildirilgan taklif va tavsiyalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar belgilandi.