YOSHLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH VA ULARNING MUAMMOLARINI HAL ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani Kengashining VII chaqiriq yigirma to‘rtinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-sonli “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, tumanda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ayniqsa, yoshlar muammolariga alohida e’tibor qaratish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Mazkur masalalar bo‘yicha Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani Kengashiga 22-“Yalti” saylov okrugidan saylangan deputat, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlik guruhi rahbari Yuldashev Mardon Qarshiyevich so‘zga chiqib, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarini o‘z vaqtida hal etish hamda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Shuningdek, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish va murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Bildirilgan takliflar yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlari ularni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni belgilab olishdi.
Yoshlar muammolariga o‘z vaqtida yechim topish — ularning kelajagi, jamiyatdagi faolligi va islohotlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim shartidir.
✍️Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani Kengashi Matbuot xizmati