CHIRKAY MFYDA BARPO ETILAYOTGAN SPORT MAJMUASI QURILISHI O‘RGANILDI
Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputati, Furqat tumani Kengashi Kotibiyati mudiri Iftixorjon Juraev tomonidan Chirkay mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilayotgan usti yopiq mini stadion sport majmuasi qurilish obyektida navbatdagi o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur o‘rganishda Furqat tumani hokimi E.Asronkulov ham ishtirok etib, sport majmuasi qurilishining bugungi holati, bajarilgan ishlar hajmi, qurilish-montaj ishlari sifati, foydalanilayotgan qurilish materiallarining belgilangan standartlarga muvofiqligi hamda ishlarning tasdiqlangan loyiha va jadval asosida olib borilishi yuzasidan mas’ul mutasaddilar bilan atroflicha muhokama o‘tkazildi.
O‘rganish davomida qurilish maydonidagi mavjud sharoitlar, ishlarning bosqichma-bosqich bajarilishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish, ichki va tashqi infratuzilma ishlari, shuningdek, sport majmuasining kelgusida aholi, ayniqsa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdagi o‘rni alohida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mazkur o‘rganishda tuman hokimining o‘rinbosari R.Hamdamov, buyurtmachi hamda pudratchi tashkilotlar rahbar va mutaxassislari ishtirok etib, qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar muhokama qilindi hamda ularni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Muhokamalar yakunida mas’ullarga qurilish ishlarini amaldagi qurilish me’yorlari va texnik talablar asosida, sifat ko‘rsatkichlariga qat’iy rioya qilgan holda olib borish, belgilangan muddatlarni buzmaslik, ishlar ustidan doimiy nazoratni kuchaytirish hamda obyektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur sport majmuasi foydalanishga topshirilgach, hudud yoshlari uchun zamonaviy sport infratuzilmasi yaratiladi, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda ommaviy sportni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Xalq deputatlari Furqat tumani Kengashi tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va infratuzilma loyihalarining sifatli hamda belgilangan muddatlarda bajarilishi ustidan deputatlik nazorati izchil davom ettiriladi.