Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

20-Terak tagi saylov okrugidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari o‘rganildi

Hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarning holatini yaxshilash hamda ta’mirlash ishlarining sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash mahalliy Kengash deputatlarining muhim nazorat yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosi doirasida Marg‘ilon shahrida hududlardagi muammolarni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Navbatdagi deputatlik nazorati 20-Terak tagi saylov okrugidan saylangan deputat R.Madaminov tomonidan saylov okrugidagi Marifat va Yangi turmush ko‘chalarida olib borildi.

O‘rganish davomida mazkur ko‘chalarda olib borilayotgan ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari, bajarilayotgan ishlarning amaldagi holati hamda belgilangan vazifalarning ijrosi ko‘zdan kechirildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu ishlar Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 2026-yil 8-iyundagi VII-27-43-11-168-K/26-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-son qaroriga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, unda Marg‘ilon shahridagi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash bo‘yicha 2026-yil uchun dastlabki manzilli ro‘yxat tasdiqlangan.

Deputat tomonidan o‘rganish jarayonida yo‘l ta’mirlash ishlarining belgilangan manzillar bo‘yicha amalga oshirilishi, ishlarning sifati va yakuniy natijasi yuzasidan tegishli mas’ullarga zarur tavsiyalar berildi.

Deputatlik nazoratining bunday shaklda olib borilishi Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning joylarda amalda ijro etilishini ta’minlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda aholining yo‘l infratuzilmasiga oid ehtiyojlarini manzilli hal etishga xizmat qiladi.

Mazkur masala deputatlik nazoratida saqlanib, ta’mirlash ishlarining yakuniy natijasi hamda hudud aholisi uchun yaratilgan sharoitlar keyingi o‘rganishlarda ham nazorat qilib boriladi.

Slide 1 of 6