Joriy yilning 3-oktabr kuni Xalq deputatlari Bekobod shahar kengashining navbatdagi 17-sessiyasi kun tartibida shahar Maktabgacha va maktab
ta’limi bo‘limiga qarashli ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi atroflicha muhokama etilgan edi. Unda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tanqid qilinib, har bir deputat o‘z saylov okruglaridagi obyektlarni nazoratga olishi hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rishda ishtirok etish vazifasi yuklatilgan. Shundan kelib chiqqan holda Xalq deputatlari shahar kengashining deputatlari M.Xoliqova va U.Mirzakalonov “Andijon” saylov okrugidagi 8-sonli umumta’lim maktabida shahar prokurori B.Ilyasov bilan birgalikda o‘rganish ishlarini olib bordilar. 8-maktabda 4 ta isitish qozonlari mavjud bo‘lib, barchasi soz holatga keltirilgan. Qozonxona operatorlarini o‘qitish, tegishli gaz idorasidan ruxsatnoma olish, tashqi trubalarni to‘liq izolatsiya qilish, sarflanayotgan kommunal xizmatlarni aniq miqdori va mablag‘ini har oylik monitoringini yuritish, o‘lchov asboblarini soz holatda saqlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, maktab oshxonasida o‘quvchilarni ovqatlanishi ham nazoratdan o‘tkazildi. Andijon mahalasida olib borilayotgan obodonlashtirish va chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish masalasi ham ko‘rib chiqildi.