35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

🏺 ANGOR TUMANIDAGI ARXEOLOGIK YODGORLIKLAR — TARIXIMIZNING BEBAHO MEROSI.


🏺 ANGOR TUMANIDAGI ARXEOLOGIK YODGORLIKLAR — TARIXIMIZNING BEBAHO MEROSI.


Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan moddiy-madaniy meros obyektlari xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, turmush tarzi va madaniyatini o‘zida mujassam etgan bebaho manbalardir. Ularni asrab-avaylash, ilmiy jihatdan o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish muhim vazifalardan biridir.

Angor tumanida ham uzoq tarixga ega bo‘lgan qator arxeologik yodgorliklar mavjud. Jumladan, Qorasuv qishlog‘ida joylashgan Sho‘rtepa arxeologik yodgorligi alohida tarixiy ahamiyatga ega.
Yer osti suvlarining ta’sirida kuchli sho‘rlangani sababli yodgorlik Sho‘rtepa nomini olgan. To‘g‘ri burchakli yassi ko‘rinishga ega bo‘lgan tepalikning asosidagi tomonlari 125×100 metrni, balandligi esa qariyb 5 metrni tashkil etadi.

Arxeologik tadqiqotlar davomida ko‘plab yirik xumlar va yorg‘uchoqlar topilgani mazkur manzilgoh voha aholisini don mahsulotlari bilan ta’minlab turgan muhim maskanlardan biri bo‘lganidan dalolat beradi. Sho‘rtepadan turli davrlarga oid tangalar, haykalchalar va boshqa ashyoviy manbalar ham aniqlangan.

Shuningdek, tumanda Qo‘rg‘on, Yumaloqtepa va O‘rdalitepa kabi V–VIII asrlarga oid arxeologik yodgorliklar, Zangtepa esa I–XII asrlarga oid tarixiy-arxeologik manzilgoh sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Zartepa yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida shahriston qismidan uy-joy qoldiqlari va ko‘chalar aniqlangan. Bu yerdan angob bilan bo‘yalgan sopol idishlar, odam va hayvonlarning haykalchalari hamda turli tangalar topilgan.

Topilmalarning eng qadimgilari miloddan avvalgi IV–II asrlarga, keyingi namunalar esa ilk o‘rta asrlar — V–VII asrlarga taalluqlidir.Mazkur yodgorliklar Angor hududining qadimdan insonlar yashab kelgan, hunarmandchilik, dehqonchilik va savdo-sotiq rivojlangan maskanlardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.

🕌 Tarixiy obidalar — xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi bebaho ko‘prikdir. Ularni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish har birimizning muqaddas burchimizdir.

#maqola Xalq deputatlari Angor tumani Kengashi raisi Qo'zimurotov Abdusalom Javliyevich