Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmaga ega yoshlar safini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etish kerak, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, ularning muhim tashabbus va takliflaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada joylarda deputatlar va yoshlarning uchrashuvlarini tashkil etish, o‘sib kelayotgan avlodning siyosiy ongini yuksaltirish, qonun ijodkorligi sohasidagi tushunchasini kengaytirish, eng muhimi, deputatlar korpusi faoliyati haqida bilimini boyitishda muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan Joriy yil 12-fevral kuni Urganch innovatsion universitetining bir guruh faol yoshlari bilan “Deputat va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda Xalq deputatlari Urganch shahar kengashi deputati R.Boltayev, universitet maʼmuriyati hamda Filologiya fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
Qizg‘in jonli muloqot tarzida o‘tgan ushbu uchrashuvda yoshlarga Xalq deputatlari Urganch shahar kengashi deputati R.Boltayev o‘z faoliyati misolida deputatlik faoliyati haqida ma’lumotlar berib, xududiy Kengash deputatlarining ish faoliyati, xududlarni rivojlantirish miqyosida tegishli Kengash qarorlari qanday qabul qilinishi va saylovchilar bilan uchrashuvlar xususida talabalarga batafsil so‘zlab berdi.