35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

KELAJAK AVLOD TA’LIMI VA KASB-HUNAR TAYYORGARLIGI MUHOKAMA QILINDI

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishga doimiy komissiya raisi A. Mahkamov raislik qildi. Unda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyati mudiri A. Ermatov, doimiy komissiya a’zolari hamda ekspert-maslahat guruhi a’zosi, kotibiyat bosh mutaxassisi Z. Yakubova ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibida Marg‘ilon shahar Kelajak markazi faoliyati, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yoshlar uchun yaratilgan ta’lim imkoniyatlari masalasi muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Marg‘ilon shahar Kelajak markazi rahbari markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va o‘quv jarayonlari to‘g‘risida hisobot berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda markazda 64 nafar xodim, jumladan, 49 nafar ustoz faoliyat yuritmoqda. 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, markazda 1146 nafar o‘quvchi turli yo‘nalishlarda ta’lim olmoqda. Markazda yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishiga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.

Yig‘ilishda markaz faoliyati yuzasidan deputatlar tomonidan savollar berilib, o‘quv jarayonining sifati, to‘garaklar faoliyati, o‘quvchilar qamrovi, pedagoglar salohiyati hamda moddiy-texnik bazani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-406-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining KQ-35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosi bilan bog‘liq holda muhokama qilindi.

Doimiy komissiya a’zolari tomonidan yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim jarayonining samaradorligini yanada yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida Kelajak markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va mavjud masalalarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tomonidan yoshlar ta’limi, kasbiy tayyorgarligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari deputatlik nazorati doirasida izchil davom ettiriladi.

Slide 1 of 9