Deputatlar tibbiyot muassasalaridagi mavjud muammolarni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Karimovich Iminov hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati A.Pardayev xalq deputatlari Qiziriq tumani Kengashi kotibiyati mudiri K.Muhammadiyev va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Yu.Umbarov hamrohligida tibbiyot muassasalarida o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganish jarayonida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy jihozlar hamda dori vositalarini manzilli va samarali taqsimlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalardan biri — sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Tashrif davomida Qiziriq tuman tibbiyot birlashmasida mavjud tibbiy jihozlarning foydalanish holati, ularning soz va nosozligi, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasi hamda bu boradagi mavjud kamchiliklar o‘rganildi. Ayrim tibbiy jihozlarni yangilash va qo‘shimcha zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali tegishli choralarni ko‘rish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.
Qiziriq tumani Kengashi Axborot xizmati
Rasmiy sahifalarimiz👇
Telegram | Facebook | E-kengash |Instagram