Zarafshon mahallasida obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borildi
Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Dilmurod Ergashev tomonidan Zarafshon mahallasida o‘rganish ishlari olib borilib, hududdagi mavjud sharoitlar, infratuzilma holati hamda aholiga yaratilgan qulayliklar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish jarayonida mahalla faollari va aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolar tomonidan hududni yanada obod qilish, yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, savdo nuqtalari va ularning atroflarini tartibga keltirish, shuningdek ayrim muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan taklif va murojaatlar bildirildi.
Bildirilgan fikrlar mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, ularni amaliy hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, yashil hududlarni obodonlashtirish, jamoat transporti bekatlari atrofini tartibga keltirish hamda sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, hududda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish va aniqlangan masalalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash ustidan tizimli nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.
Ta’kidlanishicha, har bir hududning obodligi va jozibadorligi avvalo tozalik, tartib-intizom hamda aholiga yaratilgan qulay sharoitlar bilan belgilanadi. Shu bois bu yo‘nalishdagi ishlar doimiy va uzluksiz davom ettiriladi.