35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

Tuman hokimi – tuman Kengashi deputatining sayyor qabuli: aholi murojaatlariga amaliy yechimlar belgilandi

2026-yil 10-iyul kuni Muzrabot tumani hokimi, xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashiga 21-“Guliston” saylov okrugidan deputat etib saylangan Abdulla Mamatqulov tomonidan 38-umumta’lim maktabi binosida “Bog‘i eram” mahalla fuqarolari uchun navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muzrabot tumanidagi Xalq qabulxonasi vakillari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla yettiligi vakillari hamda fuqarolar ishtirok etdi.

Qabul davomida deputat sifatida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarni qiynayotgan muammolar bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Xususan, tibbiyot, tadbirkorlikni rivojlantirish, yer munosabatlari, imtiyozli kredit ajratish, bandlikni ta’minlash, oilaviy masalalar, ijtimoiy himoya hamda bir martalik moddiy yordam tayinlash bilan bog‘liq murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Tuman hokimi, tuman Kengashi deputati Abdulla Mamatqulov har bir murojaatchining muammosi va taklifini sinchkovlik bilan tinglab, ularning qonuniy yechimini ta’minlash yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berdi. Murojaatlarning mazmunidan kelib chiqib, mas’ul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi hamda ularni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Qabul davomida ko‘tarilgan murojaatlarning salmoqli qismi tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari ishtirokida joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish, hujjatlashtirish yoki ma’lum vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan esa aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijro uchun mas’ul xodimlar biriktirildi.

Ta’kidlanganidek, deputatlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri fuqarolar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va amaliy yechim topilishiga ko‘maklashishdan iboratdir. Shu bois mazkur sayyor qabul davomida ko‘tarilgan barcha murojaatlar ijrosi tuman hokimligi hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida nazoratga olindi.

Bunday sayyor qabullar aholining muammolarini joyida o‘rganish, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, shuningdek, deputatning saylovchilar oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Slide 1 of 9