Hududlarda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan tegishli choralarni belgilash mahalliy Kengash deputatlarining muhim vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya asosida 8-Maorif saylov okrugida navbatdagi deputatlik o‘rganishi o‘tkazildi.
O‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputati, Kengashning Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi B.Obidov hamda Kengash kotibiyatining bosh mutaxassisi N.Akbarova tomonidan Chorchinor mahallasida olib borildi.
Suhbat davomida, xususan, elektr ta’minoti bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar muhokama qilindi. Aholi tomonidan elektr tarmog‘ining tayanch ustunlari bilan bog‘liq ayrim masalalar ko‘tarilgani sababli, mazkur murojaat deputat tomonidan mahalla raisi hamrohligida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Jumladan, Firdavsiy va Bozor ko‘chalaridagi elektr tayanch ustunlarining holati ko‘zdan kechirilib, mavjud muammolar bevosita joyida ko‘rildi. O‘rganish davomida aniqlangan masalalarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish, zarur choralarni belgilash va ijrosini nazoratga olish kelishib olindi.
Jarayon davomida elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi O‘RQ–940-son “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari ijrosiga ham e’tibor qaratildi.