Tashrif davomida maktab jamoasi tomonidan 2026-yilgi “Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi bosqichida ilgari surilgan zamonaviy sport zali qurish loyihasi tanlov yakunlariga ko‘ra g‘oliblar qatoridan joy olmagani ham muhokama qilingan edi.
Bugun esa Joziba mahallasi aholisi, 19-sonli maktab jamoasi va, ayniqsa, o‘quvchilar uchun quvonchli xabar bor.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nigora Lutfullayevaning amaliy ko‘magi va tashabbusi bilan mazkur loyiha qo‘llab-quvvatlanib, g‘olib loyihalar qatoridan joy oldi.
Endilikda 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida umumiy qiymati 1 milliard 648 million so‘mlik zamonaviy sport zali quriladi.
Yangi sport zali o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Bu — birgina sport inshooti emas, balki yoshlar kelajagiga kiritilayotgan muhim sarmoyadir!