35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

KENGASH QARORI IJROSI: YUNUSOBOD TUMANIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN LOYIHALAR JOYIGA CHIQIB O‘RGANILDI

#Qaror_Ijrosi #deputatlar_nazorati #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati #24_ta_tavsiyaviy_savol #Deputat_daftari

❗️ KENGASH QARORI IJROSI: YUNUSOBOD TUMANIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN LOYIHALAR JOYIGA CHIQIB O‘RGANILDI

🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi kotibiyati mudiri Davronbek Ravshanbekov Yunusobod tumanida bo‘lib, Kengash qarori asosida mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining ijro holatini joyiga chiqib o‘rgandi.

📝 O‘rganish Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 22-oktabrdagi VII-15-167-14-0-K/25-son “Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalarini xarajatlarga yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Mazkur qaror bilan deputatlarning saylov okruglaridagi dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan bildirgan takliflari asosida jami 2 mlrd 732 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

🔎 Qarorning 1-ilovasiga muvofiq, 36-“Yunusota” saylov okrugi deputati Botir Daminovning taklifi asosida Yunusobod tumanidagi “Bobodehqon”, “Sevinch” va “Ahilobod” mahallalarida ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan qator ishlar uchun 635 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

📁 Dastlab “Bobodehqon” mahallasidagi bolalar maydoni ko‘zdan kechirildi. Loyiha doirasida mavjud bolalar maydonini qayta rekonstruksiya qilish, bolalar o‘yingohlari va vorkaut jihozlari jamlanmasini o‘rnatish, tennis kortini zamonaviy drenaj tizimi asosida yangilash, Mirzaobod ko‘chasidagi mini-futbol maydoni qoplamasini almashtirish, kiyim almashtirish xonasini kapital ta’mirlash hamda hududga bruschatka yotqizish belgilangan.

🔺 Shundan so‘ng “Sevinch” mahallasidagi 250-son umumta’lim maktabi hududida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Qarorga muvofiq, maktabning mini-futbol maydonidagi sun’iy chim qoplamasini yangilash nazarda tutilgan bo‘lib, o‘rganish davomida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarining holati va sifati ko‘zdan kechirildi.

🔺 O‘rganishning navbatdagi manzili “Ahilobod” mahallasi bo‘ldi. Kengash qaroriga asosan, hududdagi ko‘p qavatli 64-uy oldidagi bolalar maydonchasini qayta rekonstruksiya qilish, yangi bolalar o‘yingohi hamda zamonaviy sport maydonini barpo etish belgilangan.

🔎 Biroq joyiga chiqib o‘rganish davomida mazkur manzilda qurilish-ta’mirlash ishlari hali boshlanmagani aniqlandi. Shu munosabat bilan Davronbek Ravshanbekov mas’ullar bilan loyihaning amaldagi holatini muhokama qilib, Kengash qarorida belgilangan ishlarni ortga surmasdan boshlash, zarur tashkiliy jarayonlarni jadallashtirish hamda loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash zarurligini bildirdi.

🗣 Shuningdek, o‘rganish davomida obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlarining tasdiqlangan loyiha va belgilangan talablarga muvofiqligi, ajratilgan mablag‘larning manzilli va maqsadli sarflanishi, ishlarning bajarilish muddatlari hamda texnik nazoratni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qarorda ham ajratilayotgan mablag‘larning deputatlar tomonidan okrugdagi dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan bildirilgan takliflarga muvofiq belgilangan maqsadlarga manzilli sarflanishini ta’minlash vazifasi qayd etilgan.

📋 Taqdim etilgan amaliy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyihalar bo‘yicha “Luksomer” MChJ pudrat tashkiloti sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, mas’ul texnik nazoratchi Mahmudxo‘ja Ishanxodjayev etib biriktirilgan.

✅ O‘rganish yakunida “Bobodehqon” va “Sevinch” mahallalarida davom etayotgan ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, “Ahilobod” mahallasida esa hali boshlanmagan ishlarni jadallashtirish, ajratilgan budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish hamda Kengash qarorida belgilangan tadbirlarning to‘liq ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar bildirildi.

📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash

Slide 1 of 10