DEPUTAT SAYLOVCHILAR OLDIDA AXBOROT BERDI
Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning murojaat va takliflarini tinglash hamda deputatlik faoliyati yuzasidan muntazam axborot berib borish xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining asosiy vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasining "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq tasdiqlangan reja-jadval asosida Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 16-Ipak yo‘li saylov okrugi deputati Abdubannob Abduvoxidovich Maxkamov saylovchilar bilan navbatdagi ochiq muloqotni o‘tkazdi hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirgan deputatlik faoliyati yuzasidan axborot berdi.
Uchrashuvda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyati mudiri A.Ermatov, deputatga biriktirilgan kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova, O‘zLiDeP Marg‘ilon shahar Kengashi apparati rahbari M.Obidova, "Farg‘ona suv ta’minoti" AJ mutaxassisi A.Yusufaliyev, deputatga biriktirilgan tashkilot – Shahar xotin-qizlar bo‘limi faoli O.Shertoyloqova, mahalla raisi Sh.Xamrayev, Marg‘ilon shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori, kapitan S.Mamayusupov, shuningdek ko‘cha boshilari O.Turdiyeva, M.Mamatova, O.Tillaqulova va I.To‘xtasinovalar ishtirok etdilar.
Deputatning 2026-yil birinchi yarim yillik faoliyati yuzasidan tayyorlangan axborot O‘zLiDeP Marg‘ilon shahar Kengashi apparati rahbari M.Xaydarova tomonidan o‘qib eshittirildi. Unda saylov okrugida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, deputatlik nazorati doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish borasida olib borilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yig‘ilish davomida navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan ichki ishlar organlari tomonidan 2026-yilning ikkinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot ham muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan mahalla profilaktika inspektori A.Fozilov hududda jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Muhokama davomida qayd etilganidek, 2025-yilda mazkur mahalla hududida 8 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi olti oyi yakuniga ko‘ra atigi 1 ta jinoyat qayd etilgan. Ushbu natija huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla faollari va jamoatchilikning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari samarasini yaqqol namoyon etishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida saylovchilar tomonidan hududdagi dolzarb masalalar yuzasidan qator murojaatlar bildirildi. Jumladan, Soy bo‘yi ko‘chasi ko‘cha boshisi O.Turdiyeva soy qirg‘oqlarining o‘pirilib borayotgani va bu holat yaqin atrofdagi xonadonlar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirib, mazkur muammoni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Bildirilgan murojaatlar tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida joyida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar belgilandi. Ayrim masalalar yuzasidan mas’ul idoralarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi deputat nazoratiga olindi.
Uchrashuv yakunida saylovchilar tomonidan bildirilgan barcha murojaat, taklif va mulohazalar deputatning ko‘cha aylanish daftariga belgilangan tartibda qayd etildi. Har bir murojaat mazmunan tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda manzilli ishlarni tashkil etish hamda ijrosini bosqichma-bosqich ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur ochiq muloqot fuqarolarni qiynayotgan masalalarni bevosita joyida o‘rganish, ularning yechimini tezkor tashkil etish hamda deputatlik nazoratining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.