Yangiliklar

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi Qonuni ijrosi o‘rganildi.

Xalq deputatlari Bag‘dod tumani Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyasi tomonidan tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

O‘rganish davomida markaz tomonidan bolalarni jismoniy, ruhiy va boshqa turdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, xavf ostida qolgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ular bilan individual ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa zarur xizmatlarni ko‘rsatish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi amaliyotga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish jarayonida markazning mahalla, ta’lim muassasalari, tibbiyot tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorligi, aniqlangan muammoli oilalar va bolalar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini ota-onalar va jamoatchilikka yetkazish, bolalarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatni shakllantirish borasidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlari yuzasidan ma’lumotlar olindi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan masalalarni bartaraf etish, bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda qonun talablarining ijrosini yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Slide 1 of 5