Xalq deputatlari Uzun tumani Kengashi doimiy komissiyasining navbatdagi yigʻilishi videochat orqali boʻlib oʻtdi
Bugun Xalq deputatlari Uzun tumani Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi yigʻilishi masofaviy tarzda, yaʼni videochat orqali oʻtkazildi.
Yigʻilish kun tartibida tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari – davlat tili boʻyicha maslahatchi Oʻ. Mingboyevaning 2026-yilning oʻtgan 5 oyi davomida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisoboti atroflicha muhokama qilindi.
Onlayn muloqot davomida qayd etilishicha, hisobot davrida tumanda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar hamda davlat dasturlari ijrosi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tezkor hamda xolis yoritib borildi. Shuningdek, tumandagi barcha tashkilot va muassasalarda ish yuritishning davlat tilida olib borilishi, koʻcha va jamoat joylaridagi targʻibot vositalarining “Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga mos kelishini taʼminlash borasida tizimli oʻrganishlar va targʻibot tadbirlari amalga oshirilgan.
Doimiy komissiya aʼzolari tomonidan axborot makonida ochiqlikni taʼminlash, aholini qiziqtirayotgan dolzarb masalalarga oʻz vaqtida munosabat bildirish hamda davlat tilining nufuzini yanada oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, kelgusida axborot xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy media-texnologiyalardan samarali foydalanish hamda davlat tili qonunchiligi buzilishiga qarshi monitoring ishlarini kuchaytirish yuzasidan deputatlar tomonidan taklif va tavsiyalar berildi.
Yigʻilish yakunida doimiy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.