Xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashi Kotibiyati mudiri, deputat V.Xasanov tomonidan deputatlik nazorati doirasida 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
O‘rganish davomida, avvalo, maktabni kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror issiqlik bilan ta’minlashga qaratilgan tayyorgarlik ishlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, qozonxonaning texnik holati, isitish tizimlarining sozligi, qozonlarning mavsumiy foydalanishga tayyorligi hamda ko‘mir zaxirasining mavjudligi bilan tanishildi.
Shuningdek, ko‘mir yoqilg‘isini saqlash sharoitlari, uning belgilangan talablar asosida joylashtirilgani, qozonxona hududining tozaligi va xavfsizlik talablari, isitish tizimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar o‘rganildi.
Maktab mas’ullariga kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, ko‘mir zaxirasini yetarli darajada shakllantirish, qozonxona va isitish tizimlarining doimiy nazoratini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni mavsum boshlangunga qadar bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.