Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Jasurbek Jonibekov Qavola Mahmud MFYda sayyor qabul oʻtkazdi

 Bugun Buxoro tumanidagi Qavola Mahmud mahalla fuqarolar yigʻini binosida xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Jasurbek Jonibekovning navbatdagi sayyor qabuli boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda 16-Qavola saylov okrugi hududida istiqomat qiluvchi aholi oʻzlarini qiynayotgan dolzarb muammolar va takliflar bilan murojaat qilishdi. 

Qabulni ochib bergan deputat Jasurbek Jonibekov, avvalo, oʻz faoliyati yuzasidan saylovchilarga qisqacha hisobot berdi. Buxoro davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori sifatida faoliyat yuritayotgan J. Jonibekov deputatlik vakolatlarini bajarish jarayonida asosiy eʼtiborni fuqarolarning hayotiy ehtiyojlarini tizimli hal etishga qaratganini taʼkidladi. 

Xususan, 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida viloyat Kengashining 7 ta sessiyasida ishtirok etib, saylovchilar tomonidan koʻtarilgan muammolar yuzasidan 10 dan ortiq takliflar ilgari surildi. Deputat oʻz saylov okrugiga kiruvchi 9 ta mahalla fuqarolar yigʻinida mavjud yoʻl, ichimlik suvi va infratuzilma bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat organlariga 6 ta deputatlik soʻrovini yuborgan. Ushbu soʻrovlar natijasida mutasaddi idoralar tomonidan aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, ijro jarayoni deputatlik nazoratiga olingan. 

“Deputat va xalq oʻrtasidagi doimiy muloqot bizning eng asosiy vazifamizdir. Bugungi sayyor qabuldan koʻzlangan maqsad ham bevosita joylardagi muammolarni oʻrganish hamda ularga tezkor yechim topishdan iborat”, – dedi Jasurbek Jonibekov. 

Hisobotda keltirilishicha, deputatga joriy yilda 14 nafar fuqarodan yozma, ogʻzaki va elektron murojaatlar kelib tushgan. Ularning 10 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, qolgan murojaatlar qoʻshimcha mablagʻ va vaqt talab qiluvchi murakkab masalalar sirasiga kirishi tufayli nazoratga olingan va hal etilish arafasida. 

Sayyor qabul davomida 20 ga yaqin saylovchi ishtirok etib, oʻzlarini qiynayotgan kommunal xizmatlar sifati, mahalla ichki yoʻllarini taʼmirlash va hududni obodonlashtirish, ishsizlikni bartaraf etish, avtomobil yoʻllaridagi xavfsizlikni taʼminlash kabi masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Barcha
kelib tushgan murojaatlar deputat tomonidan nazoratga olinib, ularni qonuniy tartibda hal etish boʻyicha tegishli tashkilotlarga deputat soʻrovi chiqarilishi rejalashtirildi. 

Bu kabi sayyor qabullar deputatning saylov okruglaridagi muntazam faoliyatining bir qismi boʻlib, ular aholi muammolarini yaqin masofadan hal etish hamda mahalliy Kengash faoliyatida xalq irodasini aks ettirishda muhim oʻrin tutadi. 

    

Slide 1 of 16